Don ekinlari
Don ekinlari, donli ekinlar — don uchun ekiladigan eng muhim qishloq xoʻjaligi ekinlari guruhi; Don ekinlari doni insonning asosiy oziq-ovqat mahsuloti; sanoatning koʻpgina tarmoqlari uchun xomashyo, shuningdek, chorva mollari uchun yem. Donining tarkibi va mahsuloti isteʼmol qilinishi jihatdan gʻalladoshlarga mansub gʻalla ekinlari (bugʻdoy, javdar, arpa, suli, makkajoʻxori, joʻxori va boshqalar), shu jumladan yormabop ekinlar (tariq, joʻxori va marjumak va boshqalar), dukkakdoshlarga mansub dukkakli don ekinlariga (loviya, noʻxat, soya, vika va boshqalar) boʻlinadi. Don ekinlari ichida gʻalla ekinlari yetakchi rol oʻynaydi. Botanik shakli xilma-xilligiga qaramay, ular koʻpgina umumiy morfologik xususiyatlarga ega. Poyasi — havol poxolpoya (bugʻdoy, sholi, suli) yoki yumshoq toʻqimalar bilan toʻlgan (makkajoʻxori, joʻxori). Bargi qin hamda tasmasimon shakldagi barg plastinkasidan iborat. Qinning barg plastinkasi bilan tutash joyida ingichka tilcha boʻlib, u poxolpoya bilan tutashgan boʻladi. Tilchaning har ikkala tomonida quloqchalar joylashadi, ammo ayrim gʻalla ekinlari (suli, sholi) da quloqchalar boʻlmaydi. Toʻpguli boshoq (bugʻdoy, javdar, arpa) yoki roʻvak (suli, tariq, sholi, joʻxori). Gʻalla ekinlari toʻpguli bir qancha boshoqlardan tashkil topadi, ular boshoq doʻngchalarida yoki roʻvakning markaziy va yon shoxchalarida joylashadi. Gullari ikki jinsli, makkajoʻxorida ayrim jinsli. Mevasi doncha. Gʻalla ekinlari doni tarkibida uglevodlar (quruq moddaga nisbatan 60—80%), oqsil (quruq moddaga nisbatan 7—20%), fermentlar, vitaminlar V,, RR va provitamin A koʻp. Vegetatsiya davriga qarab don ekinlari kuzgi hamda bahorgi (ertagi va kechki) ga boʻlinadi.
Don ekinlari dunyoning dehqonchilik qilinadigan jami mintaqalarida tarqalgan. Uning janubiy va shimoliy tarqalish chegaralari dehqonchilik chegaralari bilan mos keladi. Bugʻdoy barcha qitʼalarda ekiladi, sholi Osiyoda, makkajoʻxori Shimoliy Amerikada, javdar Yevropada, suli Shimoliy Amerikada va Yevropada, tariq va sorgo Osiyo va Afrikada eng koʻp maydonlarni egallaydi. Jahon boʻyicha Don ekinlarining jami maydoni 679983 ming ga, yalpi hosil 2064178 ming t, xreildorlik 30,3 s/ga ni tashkil etadi. Jumladan, bugʻdoy 215272 ming ga, yalpi xreil 583624 ming t, hosildorlik 27,1 s/ga, makkajoʻxori 139214 ming ga, yalpi hosil 600418 ming t, xreildorlik 43,13 s/ga, arpa 56410 ming ga, yalpi hosil 130064 ming t, hosildorlik 23,06 s/ga, sholi 155128 ming ga, yalpi hosil 596485 ming t, hosildorlik 38,4 s/ga (1999). Oʻzbekistonning sugʻoriladigan sharoitida 20-asrning 90-yillaridan boshlab Don ekinlaridan bugʻdoy, makkajoʻxori, arpa, sholi gʻoʻza-gʻalla-beda almashlab ekishda asosiy ekin sifatida ekiladi. Respublikada don ekinlari maydoni 1611,9 ming ga, shu jumladan bugʻdoy 1354,8 ming ga, sholi 129,8 ming ga maydonga ekildi (2000).
Yalpi xreil jami don ekinlari boʻyicha 3915,7 ming t, hosildorlik 26,9 s/ga, shu jumladan bugʻdoy boʻyicha tegishlicha 3521,7 ming t, 27,5 s/ga, sholi — 154,8 ming t, 23,9 s/ga, makkajoʻxori (don uchun) — 131,4 ming t, 31,6 s/ga boʻldi. Don ekinlari oʻtmishdoshi gʻoʻza va unga yoʻldosh ekinlar hisoblanadi. Sugʻorish sharoitida Don ekinlaridan yuqori hosil olishning asosiy shartlari: serhosil navlarni ekish, oʻgʻitni ilmiy asoslangan meʼyorda solish, oʻz vaqtida sugʻorish, begona oʻtlarni yoʻqotish, oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, almashib ekish qoidalariga rioya qilish. Oʻzbekistonda Don ekinlarini yetishtirish boʻyicha asosiy ishlar (tuproqqa ishlov berish, ekish, hosilni yigʻib olish va boshqalar) toʻla mexanizatsiyalashgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |